TOShKENT, 21-may — Sputnik. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi qahvaxonada yuz bergan pichoqbozlik oqibatida to‘rt nafar o‘zbekistonlik jarohat oldi.
TIV xabariga ko‘ra, 19-may kuni Sankt-Peterburg shahrining Frunze tumanidagi qahvaxonada ommaviy mushtlashuv yuz bergan, natijada esa O‘zbekistonning to‘rt nafar fuqarosi pichoqlangan:
- Pahlavon Baxtiyorovich Ziyoyev (1987 yil 15-oktabrda tug‘ilgan);
- Shahriyor Baxtiyorovich Ziyoyev (1986 yil 3-sentabrda tug‘ilgan);
- Anvar Ahrorovich Ziyoyev (1987 yil 7-iyulda tug‘ilgan);
- Abduaziz Majidovich Mahmudov (1995 yil 16-iyulda tug‘ilgan).
Qayd etilishicha, ikki fuqaro Sankt-Peterburgdagi I.Janelidze nomidagi ilmiy-tadqiqot institutidagi kasalxonaga yotqizilgan va jarrohlik bo‘limida qolmoqda.
Shuningdek, yuqorida qayd etilgan holat bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi JKning 111-moddasi (qasddan og‘ir jarohat yetkazish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
“Bosh konsulxona Sankt-Peterburg shahrining tegishli organlari bilan aloqa o‘rnatgan hamda mazkur vaziyatni o‘z nazorati olgan”, - deyiladi xabarda.