TOShKENT, 21-may - Sputnik. O‘zbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyatiga doir fikrlari bilan Facebook᾽dagi sahifasida bo‘lishdi.
“Mutaxassislarning bu boradagi fikrlari va xorijiy amaliyotni o‘rganib, mamlakatimiz vazirlik va idoralari matbuot xizmatlarining faoliyati, afsuski, sust darajada qolayotganini qayd etishga majburmiz. Matbuot xizmatlarining ishi sustligi va ko‘pgina davlat organlari rahbarlari OAV bilan muloqot qilish zaruriyatini anglab yetmagani oqibatida mamlakatimiz aholisining islohotlar borishi to‘g‘risida xabardorligi past, ularni yetarli darajada idrok etmayapti hamda Prezident va hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning mohiyati va tafsilotlarini to‘laligicha anglamayapti”, - deya yozgan Mirziyoyeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat tomonidan amalga oshirilayotgan keng miqyosli ishlar mamlakat ichida ham, xorijda ham yetarli darajada yoritilmay, sezilmay qolmoqda.
“Oqibatda, bunday vaziyat tekshirilmagan axborot, asossiz mish-mish va uydirmalarning paydo bo‘lishiga olib kelmoqda, ular keng tarqalib, matbuot xizmatlari tomonidan munosabatsiz qoldirilgan bir sharoitda aholi o‘rtasida tushunmovchilik va norozilik keltirib chiqarishi mumkin”, - deya qo‘shimcha qiladi u.
Agentligi direktori o‘rinbosari vaziyat matbuot xizmatlari kadrlar salohiyati cheklangani, ularning moddiy-texnik jihozlanishi va xodimlari malakasi darajasi pastligi bilan yanada keskinlashganini qayd etgan.
“Ko‘rib turganingizdek, oldimizda turgan muammo jiddiy va keng qamrovli. O‘ylaymanki, bu amaldagi hujjatlarga qo‘shimcha ravishda kompleksli normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish va qabul qilishni taqozo etadi”, - deya yozadi Mirziyoyeva.
U, xususan, matbuot xizmatlarining davlat organlari va jamiyat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik sifatida samarali faoliyatini ta’minlash, matbuot kotibi mavqeyini oshirish, muntazam ravishda malaka oshirish kurslarini tashkil etish lozimligini ta’kidlagan.
Shuningdek, u bu boradagi ishlar boshlangani, jumladan, tegishli takliflar ishlab chiqish va normativ-huquqiy hujjatni tayyorlash bo‘yicha maxsus guruh tuzilganini ma’lum qilgan.
Avvalroq Saida Mirziyoyeva Facebook’dagi o‘quvchilari bilan muloqotining ilk yakunlarini sarhisob qilgan edi.