TOShKENT, 20-may – Sputnik. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov o‘zaro muloqot, xalqaro anjumanlarda ishtirok etish uchun 19-may kuni AQShga jo‘nab ketdi.
Bu haqda respublika musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston delegatsiyasi AQSh Davlat departamenti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazish va xalqaro diniy erkinliklar masalalari bo‘yicha mutaxassislar bilan muloqotlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, AQShdagi din peshvolari bilan muloqotlar uyushtirib, o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risidagi kelishuvlar ham muhokama qilinadi.
“Tashrif davomida soha mutaxassislari, ekspertlar va din peshvolari ishtirokida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik: O‘zbekiston va AQSh tajribasi” mavzusida davra suhbati ham bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston delegatsiyasi AQShning Vashington shahridagi yirik jome masjidda juma namozini ado etishi ko‘zda tutilgan”, — deyiladi xabarda.