TOShKENT, 18-may - Sputnik. Samarqand viloyatidagi 13 ta obyekt atrofida bepul va pulli Wi-Fi zonalari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, pulli va bepul Wi-Fi zonalari Registon maydoni; Samarqand xalqaro aeroporti; Temiryo‘l vokzali; Hazrati Xizr masjidi; "Afrosiyob" muzeyi; "Amir Temur" maqbarasi; "Xo‘ja Doniyor" maqbarasi; "Shohi Zinda" ansambli; Ulug‘bek rasadxonasi; "Bibixonim" majmuasi; Al-Buxoriy majmuasi; "Siyob" bozori va Ulug‘bek avtoshoxbekatida tashkil etilgan.
Hozirgi kunda Wi-Fi zonalari sonini oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Yuqorida ko‘rsatilgan obyektlarda Wi-Fi ga ulanganda, foydalanuvchiga bepul va pulli Wi-Fi tarmog‘iga ulanish taklif etiladi.
Foydalanuvchi bepul tarmoqni tanlasa, unga 30 sekundli reklama roligi ko‘rsatiladi, ushbu rolikni ko‘rib bo‘lgandan so‘ng bepul Internet tarmog‘idan foydalanishi mumkin. Internetga ulanish tezligi 1 Mbit/s gacha bo‘ladi.
Agar foydalanuvchi pulli Internetga ulanmoqchi bo‘lsa, unda unga Internet tarmog‘idan foydalanish davomiyligi vaqti taklif etiladi. Foydalanuvchi 1, 3, 9, 24 soat va 1 hafta davomida Internet tarmog‘idan foydalanishlardan birini tanlaydi, ularning narxi ham turlicha bo‘lib, mos holda 1000, 2000, 4000, 6000 va 24000 so‘mni tashkil etadi.
Toshkentda Wi-Fidan foydalanish nuqtalari yanada ko‘payadi >>>
Foydalanuvchi o‘ziga kerakli tarifni tanlab, to‘lovni Click yoki Payme tizimlari orqali amalga oshiradi va Internet tarmog‘iga ulanadi. Ushbu holatda foydalanuvchining Internet tarmog‘iga ulanish tezligi 10 Mbit/s gacha bo‘ladi, deyilgan xabarda.