TOShKENT, 17-may – Sputnik. Bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristin Lagardni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Xalqaro valyuta jamg‘armasining hamkorligi istiqbollari batafsil muhokama qilindi va bu boradagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Pul-kredit va soliq-budjet siyosatini takomillashtirish, monetar siyosatning samarali vositalarini joriy etish, mamlakatda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash hamda boshqa yo‘nalishlarda faol hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.
Kristin Lagard jamg‘arma mamlakatda barcha tarmoq va yo‘nalishlarni qamrab olgan holda faol amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholashini alohida ta’kidladi.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash va o‘zaro ishonchni oshirish, mintaqaviy savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlari alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida Kristin Lagard Xalqaro valyuta jamg‘armasi mamlakatda samarali islohotlarni amalga oshirish va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashishni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.