TOShKENT, 14-may – Sputnik. Dunyoda eng ommaviy bo‘lgan messenjerlardan biri WhatsApp yaxshi himoyalanmagani tufayli uning ichiga shpion dasturlar yashirin ravishda o‘rnashib olishi mumkinligi aniqlandi, dedi Rossiya Davlat Dumasining axborot texnologiyalari xavfsizligi qo‘mitasi a’zosi Yevgeniy Lifshis RIA Novostiga.
Bundan oldin Financial Times nashri may oyining boshida butun dunyoda minglab telefonlarda WhatsApp dastur orqali yashirincha o‘rnatilgan Isroilda ishlab chiqilgan shpion dasturlari mavjudligi haqida xabar qilgan edi. WhatsApp messenjeridan butun dunyo bo‘yicha 1,5 milliard kishi foydalanadi.
“Bugungi kunda kiberqurol bozori ildam rivojlanmoqda. Kimda kerakli dasturlar yaratuvchi malakali mutaxassislar bo‘lsa - u bundan foydalanib pul ishlashi mumkin. WhatsApp dasturi telefonning apparat qismiga ta’sir qilishi mumkin. Shuning u chun ushbu shpion dastur telefonning istalgan bo‘limiga kirish imkoniga ega bo‘lgan”, - deydi Lifshis.
Mutaxassis fikriga ko‘ra, virus qalbaki telefon qo‘ng‘irog‘i orqali messenjer ichiga o‘rnashib olgan. Foydalanuvchi ushbu qo‘ng‘iroqqa javob bersa ham bermasa ham u dastur ichiga kirib olish xususiyatiga ega bo‘lgan. Shpion dastur tashqi tomondan o‘zini hech qanday ko‘rsatmagan.
Xuddi shunday yo‘l bilan nafaqat WhatsApp, balkim istalgan dastur ichiga virus kiritish mumkin, agar uning himoyasida “tuynuklar” bo‘lsa. Xox u telefon, raketa yoki samolyotning boshqaruv tizimi bo‘lsin, deydi mutaxassis.
Ayni damda WhatsApp kompaniyasi ushbu tuynukdan xoli bo‘lgan dasturning yangilangan versiyasini chiqardi. Virusdan halos bo‘lish uchun telefondagi messenjerni yangilab olish kifoya, deyilgan xabarda.