TOShKENT, 14-may - Sputnik. Fohishalikka yuborilayotgan ayollar to‘xtatib qolindi, deb xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi.
Joriy yilning 9-may kuni Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tadbir natijasida fohishalikka olib ketilayotgan ayollar qo‘lga olindi.
Xabarda aytilishicha, Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchi 34 yoshli U.Z. Aziza ismli jinoiy sherigi bilan til biriktirgan va Toshkent viloyatidan bo‘lgan 31 yoshli A.R. hamda 21 yoshli S.M.larni "G‘ishtko‘prik" chegara posti orqali Qozog‘iston Respublikasiga olib o‘tib, u yerdan Turkiyaning Istambul shahriga shahvoniy maqsadlarda foydalanish uchun jo‘natib yuborayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.