TOShKENT, 9-may - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekistonda G‘alabaning 74-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimlar davom etmoqda. Bugun, 9-may kuni minglab toshkentliklar Volgograd qabristoni hududida improvizatsiya asosida tashkil etilgan "O‘lmas polk" lokal yurishini amalga oshirdilar, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri voqea joyidan.
Tashkilotchilar "Birodarlar qabri"dan Mangu olovgacha bo‘lgan hududga tomon yanada keng ko‘lamli yurishni amalga oshirishni rejalashtirishgan edi, biroq ushbu aksiya bo‘yicha vaqtida kelishuvni amalga oshirishning imkoni bo‘lmadi. Jamoatchilik tartibini buzmaslik va shaharda noqulayliklarni vujudga keltirmaslik uchun bunday katta formatdagi tadbirdan voz kechildi.
Shunday bo‘lsa-da, mana to‘rtinchi yildirki, poytaxt aholisi o‘z tashabbusi bilan 9-may kuni Volgograd qabristoniga nafaqat guldastalar, balki bobo-buvilari suratlari bilan keladilar.
Ular shu tarzda bugungi musaffo osmon va tinchlik uchun jonini qurbon qilgan qahramonlar xotirasiga hurmat bajo keltiradilar.
Bugun 9-may kuni "Birodarlar qabri" majmuasi odamlarga limmo-lim edi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, 5 mingga yaqin odamlar to‘plangan. Ammo yig‘ilganlar soni bundan ko‘pligini taxmin qilish mumkin. Fuqarolarning aksariyati urush qatnashchilari portretlarini ko‘tarib olganlar.
Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘ygach, Toshkent ahli va mehmonlari majmua atrofida uch marta aylanib yurishni amalga oshirdilar va harbiy davr qo‘shiqlarini kuylab, "ura" hamda "G‘alaba uchun bobomga rahmat" hayqiriqlari ostida mash’um urush yillarida juda katta mashaqqat bilan erishilgan G‘alaba uchun veteranlarga o‘z minnatdorliklarini namoyish qildilar.
Shahar ahlidan tashkil topgan kolonna orasida Rossotrudnichestvo rahbari, jangovar harakatlar veterani Viktor Shulika ham bor edi. U bu kabi xalq aksiyalari bugun butun dunyoda o‘tayotganini, bu aksiya 74-yil oldin sodir bo‘lgan voqealar haqida xotirani saqlashda yordam berishini, bu aksiya xalq birdamligi dalili ekanligini qayd etib o‘tdi.
Shulika shuningdek, fashizm ustidan g‘alaba qozonishda qo‘shgan bebaho hissasi uchun O‘zbekistonga cheksiz minnatdorlik bildirdi.