TOShKENT, 4-may – Sputnik. Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Xalq ta’limi vazirligi tuzilmasida Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tashkil etildi.
Iqtidorli o‘quvchi yoshlarni aniqlash, ular faoliyatini ilmiy va uslubiy jihatdan ta’minlash, maktab, litsey va kollej o‘quvchilari o‘rtasida mahalliy va xalqaro fan olimpiadalarini tashkil etish Departamentning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Shuningdek, qaror bilan g‘oliblari oliy ta’lim muassasalarga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadigan xalqaro olimpiadalar ro‘yxati tasdiqlandi.
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab olimpiadalarning respublika bosqichida 1-3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va 3-yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat beriladi.
Endilikda:
xalqaro olimpiada g‘oliblari va ularning o‘qituvchilari eng kam oylik ish haqining quyidagi miqdorlarida:
- 1-o‘rin uchun – 500, o‘qituvchisiga –450 baravari;
- 2-o‘rin uchun – 300, o‘qituvchisiga –250 baravari;
- 3-o‘rin uchun – 200, o‘qituvchisiga –150 baravari;
asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblarining o‘qituvchilari:
-1-o‘rin uchun – 50 baravari;
-2-o‘rin uchun – 35 baravari;
-3-o‘rin uchun – 30 baravari miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlariga direktor jamg‘armasidan oltin, kumush va bronza medallari bo‘yicha tegishincha qo‘shimcha 200, 175 va 150 foizlik ustama to‘lanadi.
Shuningdek, ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiada g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga esa har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanadi.
Oliy ta’lim muassasasini tamomlagan olimpiada g‘oliblari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan shakllantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirasiga kiritiladi.