TOShKENT, 3-may - Sputnik. O‘zbekiston TIV Rossiyada 3 yoshli O‘zbekiston fuqarosi derazadan tushib ketib halok bo‘lganini tasdiqladi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"2019-yilning 1-may kuni Rossiyaning Leningrad viloyati Vsevolojsk shahridagi uyning 4-qavatida joylashgan xonadon derazasidan yiqilib tushish oqibatida 3 yoshli O‘zbekiston fuqarosining vafot etgani to‘g‘risida OAVlarda ma’lumot paydo bo‘ldi.
Mazkur xabar Leningrad viloyatining tergov organlari tomonidan tasdiqlandi hamda O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan", - deyiladi xabarda.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirgan.
Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk viloyati, Kaliningrad viloyati, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad viloyati, Murmansk viloyati, Nenets avtonom okrugi, Novgorod viloyati, Pskov viloyati, Sankt-Peterburg shahri, Vologoda viloyati) hududida joylashgan O‘zbekiston fuqarolari zarur vaziyatlarda O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-965-029-41-49, deya eslatma bergan Tashqi ishlar vazirligi.