TOShKENT, 1-may – Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Tula viloyatining Uzlovaya shahrida (Rossiya) O‘zbekiston fuqarosining o‘ldirilganligi yuzasidan izoh berdi.
Xabarda ta’kidlanishicha, Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismida (odam o‘ldirish) ko‘zda tutilgan jinoyat alomatlari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Mazkur qotillikni amalga oshirganlikda gumonlanayotgan 34 yoshli erkak qo‘lga olingan.
“Konsullik-huquqiy departamenti marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etadi hamda Elchixona Konsullik bo‘limi ushbu mudhish hodisani marhumaning jasadini Surxondaryo viloyatiga olib kelishda ko‘maklashish maqsadida nazoratda ushlab turganini ma’lum qiladi”, - deyiladi xabarda.
29 aprel kuni Rossiyaning Tula viloyati Uzlovaya shahrida mudhish qotillik sodir bo‘ldi. Pichoq bilan qurollangan erkak “Patorochka” do‘koniga kirib, kassir ayolga hujum qilgan. Qotil ayolga pichoq bilan 21 ta zarba berib, voqea joyidan yashiringan.
O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining aniqlik kiritishicha, halok bo‘lgan ayol 1986-yilda tug‘ilgan asli o‘zbekistonlik, ammo hozirda qadar Rossiya fuqaroligida bo‘lgan Umida Zurayevna Egamurotova ekanligi tasdiqlangan.