TOShKENT, 1-may - Sputnik. Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida O‘zbekiston prezidenti qarori e’lon qilindi, deb xabar qildi O‘zA axborot agentligi.
Qaror "milliy va diniy qadriyatlarga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yanada mustahkamlash, el-yurt uchun azaldan ezgulik, saxovat, mehr-muruvvat ramzi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyini munosib o‘tkazish, ushbu oyda islom dinining tinchlik, bag‘rikenglik, shukronalik kabi olijanob g‘oyalari hamda insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida" qabul qilingan.
2019 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 6-may kuniga to‘g‘ri kelishi aytib o‘tilgan.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari "Nuroniy" jamg‘armasi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon oyini o‘zbek milliy an’ana va qadriyatlari ruhida har tomonlama munosib o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Bunda joylarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, shukronalik fazilatlarini e’zozlash, hozirgi tinch va farovon hayotning qadriga yetish, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilish, ahil va hamjixat bo‘lib yashashga da’vat etadigan hamda ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan ma’rifiy tadbirlar va targ‘ibot ishlarini tashkil etishga ahamiyat beriladi.
Shuningdek, muruvvat, ahillik va hamjihatlikni ulug‘lovchi ushbu fazilatli oyda ehtiyojmand va yordamga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolar ziyoratgohlarini, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan tadbirlar yanada kuchaytiriladi.