TOShKENT, 1-may – Sputnik. “Kinomobil” – O‘zbekistondagi birinchi innovatsion kinoteatr loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Uning tashabbuskori Cinema Servis MChJ bo‘lib, loyiha Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ko‘chma kinoteatr MAN avtomobili negizida ishlab chiqilgan, isitish va ventilyatsiya tizimi bilan jihozlangan. Tomoshabinlar filmlarni Dolby 5+1 tovush tizimi bilan 2D va 3D formatlarida tomosha qilishi mumkin. Mobil kinoteatr 30 daqiqa ichida ishga tushadi hamda 80 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Uzoq qishloqlarda kino ko‘rsatish uchun ko‘chma kinoteatr ishlab chiqildi
Shavkat Mirziyoyev mamlakat hududlarida zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish loyihasi to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Prezident mutasaddilarga qurilish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli yakunlash yuzasidan topshiriqlar berdi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Termiz shahridagi «ZIF Textile» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi.
Davlat rahbari korxona faoliyati bilan tanishdi, bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi, mutaxassis va tikuvchilar bilan suhbatlashdi.
Korxona joriy yilda 29 million dollardan ziyod qiymatdagi bolalar va kattalar kiyimlari, jinsi shim ishlab chiqarib, 8,8 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilishni rejalashtirgan. 2021-yilda korxonaning yillik quvvati qariyb 50 million dollarga yetkazilib, 34,7 million dollarlik eksport mo‘ljallanmoqda.
Qayd etilishicha, shu yerda «Janub textile» MChJning ip-kalavadan tayyor mahsulot ishlab chiqarish klasteri hamda O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma korxonasini tashkil etish, Termiz tumanidagi Sulton Saodat ziyoratgohini ta’mirlash va obodonlashtirish, mamlakatning Avstriya, Tojikiston va Afg‘onistondagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga oid taqdimotlar o‘tkazildi.