TOShKENT, 30 apr - Sputnik. O‘zbekistonda 2019-yil yakunida mamlakatdagi ilk pullik avtomobil yo‘l qurilishini boshlash rejalashtirilmoqda. Ushbu yo‘l Toshkent va Samarqand shaharlarini bog‘laydi. Bu O‘zbekiston prezidentining “Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan
Ta’kidlanishicha, yo‘l 2021-yil yakunida foydalanishga topshiriladi.
Hujjatga ko‘ra, Cengiz Enerji Sanayii ve Ticaret A.S., “Kalon”, “Kolin” (Turkiya) kompaniyalari konsorsiumi bilan Toshkent - Samarqand pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi amalga oshiriladi.
Yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari hududidan o‘tadi. Loyiha qiymati hozirda aniqlanmoqda.
Qarorda yozilishiga ko‘ra, 2019-yil 2-choragida xalqaro moliya institutlari bilan konsalting xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha bitim tuzish, 2019-yil may oyida - avtomobil yo‘li marshrutini o‘rganish va dastlabki hisob-kitoblarni ishlab chiqish, 2019-yil iyunda - DXSh bitimi shartlari bo‘yicha muzokaralar olib borish, 2019-yil iyulda - bitimni imzolash rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning 2018-yil bahorida O‘zbekistonga tashrifi davomida pullik yo‘l qurishga oid kelishuvga erishilgan edi.