TOShKENT, 30 apr – Sputnik. Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili Rossiya prezidenti Vladimir Putinning unga Ukraina pasporti qaytarilishi haqidagi so‘zlariga o‘z munosabatini bildirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar qildi.
Xabarda qayd etilishicha, Mixail Saakashvili Putin Kiyevni gruziyalik siyosatchiga Ukraina fuqaroligini qaytarishga chaqirgandan so‘ng Rossiya unga qanday “jabr qilgani”ni yodga olgan.
“Ukrainaning bo‘lg‘usi prezidentiga menga fuqarolik qaytarilishini kim maslahat bermoqda? Putinmi? Bu 2017-yildagi matbuot anjumanda Poroshenkodan meni Ukrainadan chiqarib yuborishni baralla talab qilgan (va Poroshenko buni bir oydan keyin qilgan) o‘sha Putin. Men Poroshenkodan 2014-yilda inauguratsiyasiga meni taklif qilmaslikni aynan siz talab qilganingizni aniq bilaman”, - deya yozgan Saakashvili o‘zining Facebook᾽dagi sahifasida.
Shu bilan birga Saakashvili ta’kidiga ko‘ra, Poroshenkoning odamlari ayrim vositachilar orqali Ukrainaning bo‘lg‘usi prezidenti Vladimir Zelenskiydan unga fuqarolikni qaytarmaslik va Ukrainaga kiritmaslikni talab qilmoqda.
Saakashvilining ma’lum qilishicha, Putin xuddi shunday talabni nafaqat Gruziyaga, balki Turkiya, Armaniston va Ozarbayjonga ham qo‘ygan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya rahbari Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an bilan 2016 yildagi sammitda aynan shuni muhokama qilgan.
“Endi bu sizning ishingizmas! Biz ukrainaliklar bilan o‘zimiz kelishib olamiz”, - deya yozgan sobiq prezident.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin Ukrainaning yangi saylangan prezidenti Vladimir Zelenskiyga mamlakatda inson huquqlarini himoya qilishni gruzinlar, xususan, Mixail Saakashvilidan boshlashni maslahat bergani haqida xabar qilgan edik.
Saakashvili Gruziyani 2013-yilda tark etgan. Gruziyada unga nisbatan qator jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan va ulardan ba’zilari bo‘yicha sirtdan qamoq jazolari tayinlangan. 2015-yil bahorida Potr Poroshenko Saakashviliga Ukraina fuqaroligini berib, uni Odessa viloyati gubernatori etib tayinlagan. Ammo Saakashvili viloyatni rivojlantirish bo‘yicha va’dalarni bajarmagani va uning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada yomonlashtirib yuborgani uchun Poroshenko uni 2016-yil noyabr oyidayoq uni lavozimidan ozod qilgan.