TOShKENT, 29 apr – Sputnik. O‘zbekistonlik professional bokschilar Shahram G‘iyosov hamda Murodjon Ahmadaliyev bugun Toshkentga qaytib kelishdi. Bu haqda MOQ xabar qildi.
Eslatib o‘tamiz, har ikki bokschi 26-aprel kuni AQShning Kaliforniya shtatida kechgan jangda g‘alaba qozonishgan edi. E’tiborlisi, unda Shahram faoliyatidagi dastlabki titul kamari uchun ringga ko‘tarilgan va amerikalik Emmanuel Teylorni 10 raundlik jangda mag‘lub etib, WBA Intercontinental chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan edi.
“Mana dastlabki chempionlik kamarimni ham yurtimizga olib keldim. Hali bu boshlanishi deb o‘ylayman. Raqibim o‘ziga yarasha kuchli bokschi edi. Endi oilam bilan biroz dam olgach, yanada katta kamarlar uchun janglarga tayyorlanaman”, – dedi Shahram G‘iyosov.
“Yana bir muhim g‘alabani qo‘lga kiritganimdan xursandman. Bu bilan to‘xtab qolmayman, albatta. Hali oldinda bundan ham katta janglar bizni kutib turibdi. Nasib qilsa, o‘z vaznimning chempionlik kamarini ham yurtimizga olib kelaman”, – dedi Murodjon Ahmadaliyev.
Bokschilarni kutib olish marosimida MOQ bosh kotibi Jasur Matchanov, O‘zbekiston boks federatsiyasi mutasaddilari, keng sport jamoatchiligi, bokschilarning yaqinlari, OAV vakillari hamda yuzlab muxlislar ishtirok etishdi.