TOShKENT, 25 apr — Sputnik. O‘zbekiston FVV xodimlari Qashqadaryo viloyatida traktor ag‘darilishi natijasida jabrlangan og‘ir ahvoldagi fuqaroga yordam ko‘rsatishdi. Uni qutqarib qolish uchun MI-171 vertoloti ajratildi.
Qutqaruvchilarning ma’lum qilishicha, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida fuqaro boshqaruvidagi traktori bilan dala maydoniga ekin ekish vaqtida surunkali yomg‘ir yog‘ishi hamda texnika xavfsizligiga qoidalariga rioya qilmasligi oqibatida ag‘darilib ketgan.
Natijada og‘ir tan jarohati olgan fuqaro Oqqishloq aholisi tomonidan zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatish uchun qishloq vrachlik punktiga olib borilgan. Mutaxassislarning ko‘rigi natijasida, jabrlanganga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish lozimligi aniqlanib, bemorni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga etkazish ehtiyoji yuzaga kelgan.
Biroq noqulay ob-havo, yo‘llardagi nosozlik, qolaversa, qishloq va tuman markazi o‘rtasidagi olis masofa tufayli bemorga zudlik bilan yordam ko‘rsatish imkoniyati yo‘q edi.
“Shu munosabat bilan, Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining murojaati asosida Janubi-G‘arbiy alohida harbiy okrug tomonidan bemorni evakuatsiya qilish uchun Mudofaa vazirligiga tegishli MI-171 vertoloti ajratilib, fuqaro B.M. qutqaruvchilar nazorati ostida Qarshi shahridagi Xonobod aerodromiga etkazilgan”, - deyiladi FVV xabarida.
Ta’kidlaniicha, bemor aerodrom hududidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga etkazildi. Hozirgi vaqtda bemorga barcha zaruriy ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.