TOSHKENT, 23 apr – Sputnik. 2019 yildan oʻzbekistonlik musulmonlar uchun haj safari xarajatlari 33,3 million soʻmgacha tushirildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari boʻyicha qoʻmitasi matbuot xizmati xabar qildi.
2018 yilda Oʻzbekiston fuqarolari uchun Haj ziyoratini amalga oshirish xarajatlari 38 million soʻmni tashkil etgan edi.
2019 yildan Saudiya Arabistonida barcha xizmatlarga 5 foizlik qoʻshilgan qiymat soligʻi va mehmonxonalarga 2,5 foizlik soliq kiritildi. Shunga koʻra bu yil haj ziyorati sarf-xarajatlari taxminan 42-43 million soʻm boʻlishi kutilayotgan edi.
“Davlatimiz rahbarining irodalari va saʼy-harakatlari natijasida joriy yildan fuqarolarimiz haj safari xarajatlari 33,3 million soʻmgacha tushirildi, yaʼni haj ibodatini amalga oshirishni 10 million soʻmga arzonlashtirishga erishildi. “Haj-2019” mavsumidan soʻng umra safari 1,3 millionga arzonlashtirildi. Shuningdek, “Haj-2018” toʻlovidan ortgan 926,5 ming soʻm miqdoridagi mablagʻ har bir ziyoratchiga qaytirib berildi”, - deyilgan xabarda.