TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Parijdagi Notr-Dam ibodatxonasida yong‘in kelib chiqishiga qisqa tutashuv sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda RIA Novosti Assoshieyted Pressga tayangan holda xabar qilmoqda.
Xabarda yozilishicha, tergovchilar yong‘in tasodifan sodir bo‘lganini taxmin qilishmoqda. Shu bilan birga Notr-Dam ibodatxonasini ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullangan barcha xodim va mutaxassislar so‘roq qilinmoqda.
15 aprel kuni Parijda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisada Notr-Dam de Pari sobori qisman kuyib kul bo‘ldi. Bir necha soat davom etgan yong‘in Bibi Maram soborining minorasi, soati va tomini yo‘q qilgan. Soborning ichidagi yog‘och qurilmalari ham kuyib kul bo‘lgan.
Fransiya OAVlari ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Parij shahri prokurori ibodatxonaga ataylab o‘t qo‘yilmaganini ma’lum qilgan. Hozirda tasodifan yong‘in kelib chiqishi asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda.
Notr-Dam de Pari 12-14 asrlarda barpo etilgan bo‘lib u Eyfel minorasi kabi Parij timsollaridan biri edi. Har yili uni tomosha qilish uchun millionlab turistlar kelishar edi. Yana millionlab kishilar esa uni tomosha qilishni orzu qilishar edi.