TOShKENT, 13 apr - Sputnik. 2019-yilgi Jahon musulmon sayyohlari reytingida, O‘zbekiston IHTga a’zo mamlakatlar orasida musulmon sayyohlarni jalb qilayotgan eng jozibador o‘nta mamlakat qatoridan o‘rin oldi.
Bu haqda Singapurning CrescentRating xalqaro reyting agentligi va Mastercard tashkiloti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Global Muslim Travel Index 2019 hisobotida qayd etildi.
Ushbu o‘ntalikka, shuningdek, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Malayziya, BAA va Indoneziya kabi musulmon mamlakatlar kirgan.
Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston IHTga a’zo davlatlar orasida musulmon sayyohlari uchun qulayligi bo‘yicha 18-o‘rinni olgan. Ushbu ro‘yxatda Malayziya, Indoneziya va Turkiya mamlakatlari yetakchilikni qo‘lgan kiritgan. Qozog‘iston va Ozarboyjon esa O‘zbekistondan keyin 19- va 20-o‘rinlarni egallagan.
Yuqorida qayd etilgan reytingini tuzishda mamlakatlar iqlimi, xavfsizligi, iqtisodiyoti, transport infrastrukturasi va ko‘rsatiladigan xizmatlar kabi omillar hisobga olingan.