TOShKENT, 11 apr – Sputnik. Toshkentda milliy liboslar bilan shug‘ullanuvchi 34 yashar tadbirkor ayovsiz kaltaklandi, deb xabar qilmoqda Uznews.
Uchtepa tumanida tadbirkorlik faoliyati —kashta, milliy liboslar bezagi yaratish bilan shug‘ullanuvchi Anvar Rajabovning sexiga bir necha nafar noma’lum shaxs qo‘llarida bita, armatura va boshqa temir bo‘laklari bilan kelib, uni ayovsiz kaltaklashdi.
Rajabov shoshilinch ravishda Chilonzor tumanidagi shifoxonaga yetkazilgan. Ayni damda u og‘ir ahvolda shifoxonada qolmoqda.
“Vaziyatni o‘rganish natijasida bu holatni Prokuratura organlari hali to‘liq o‘z nazoratiga olmagani hamda tadbirkorni kaltaklaganlar uning oldiga kelib nima sababdan IIVga murojaat qilgani yuzasidan izoh so‘rayotgani hamda tadbirkordan tezroq shifoxonadan chiqishini talab qilishayotgani ma’lum bo‘ldi”, - deb yozadi Uznews.
Tadbirkor nima sababdan kaltaklangani noma’lum. Xabarda aytilishiga ko‘ra aynan Rajabov Surxondaryodagi xalqaro baxshichilik festivali uchun liboslar tayyorlab bergan.