TOShKENT, 10 apr – Sputnik. 8-aprel kuni kechqurun viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i A.Ubatov suvda cho‘kayotgan qizni qutqarib qoldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Sputnik agentligiga xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, 8-aprel kuni soat 22.00 da Guliston shahridagi “Do‘stlik” kanali qirg‘og‘i bo‘ylab ketayotgan viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i A.Ubatov suv yuzasidan kelayotgan past ovozdagi shovqinni eshitib qoladi.
Diqqat bilan tikilib, odam oqib kelayotganiga ishonch hosil qiladi. So‘ngra zudlik bilan yaqin atrofdagi vagon tomonga yugurib borib, belkurak topib keladi. Tezda ustki kiyimlarini yechib, o‘zini suvga tashlaydi. Oqib ketayotgan odam ikki qo‘li bilan qutqaruvchi uzatgan belkurakning dastasidan mahkam ushlab olib, o‘zi ham chiqishga harakat qiladi.
Jabrlanuvchini bir amallab qirg‘oqqa tortib kelgan A.Ubatov yo‘lakdan o‘tayotgan ikki nafar ayolga “tez yordam” chaqirishlarini iltimos qiladi. Hodisa joyiga yetib kelgan odamlar bir-birlarining qo‘llaridan mahkam tutib, zanjir bo‘lib, suv bo‘yidan tortib olishadi.
Qutqarilgan kishi 16-17 yoshlardagi qiz ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shok holatida bo‘lgani bois dastlab gapira olmasdi. U shoshilinch tarzda “tez yordam” mashinasida RShTIYoM viloyat filialiga olib kelinadi va shifoxonaning Jonlantirish bo‘limiga yotqiziladi. Suvda cho‘kayotganida qutqarib qolingan Munira Shamshiyeva 2002-yilda tug‘ilgan bo‘lib, Guliston shahar ”Ulug‘ yo‘l” MFY hududida yashaydi.
Shahardagi 4-o‘rta umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi. Ma’lum bo‘lishicha, qiz kanal chetiga o‘rnatilgan zinadan pastga tushgan va bexosdan suvga yiqilib, oqib ketgan. U endilikda o‘zini yaxshi his qilmoqda.