TOShKENT, 7 apr – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida kecha boshlangan Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining tantanali ochilish marosimdagi nutq so‘zladi.
So‘z boshida prezident ushbu festivalni tashkillashtirishda ko‘mak bergan xalqaro tashkilotlar, Markaziy Osiyo davlatlarining madaniyat muassasalari rahbarlariga minnatdorlik bildirdi.
Shundan so‘ng prezident bugungi globallashuv zamonida folklor san’ati susayib borayotgani haqida afsus bilan gapirddi.
“Ayni vaqtda hozirgi globallashuv davrida, tijorat vositasiga aylangan “ommaviy madaniyat”, shou-biznesning salbiy ta’siri tobora kuchayib borayotgan murakkab zamonda har qanday milliy madaniyatning bulog‘i bo‘lgan folklor san’atiga e’tibor va qiziqish, afsuski, susayib borayotgani ham sir emas. Holbuki, folklor san’ati, ta’bir joiz bo‘lsa, bu – insoniyatning bolalik qo‘shig‘idir.
Mana shunday noyob va buyuk san’at bugungi kunda shunchaki madaniy yodgorlik namunasiga aylanib, ko‘p joylarda unutilib ketayotgani, himoya va muhofazaga muhtoj bo‘lib turgani – bu ham davrimizning achchiq haqiqatidir. Bu haqiqat ushbu go‘zal va betakror san’atning chinakam fidoyilari sifatida siz, azizlarni hammadan ko‘ra ko‘proq tashvishga solayotganiga ishonaman.
Shu sababli tengsiz ma’naviy boyligimiz bo‘lmish mumtoz san’atni, xalq ijodining nodir namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish jahondagi ilg‘or fikrli olimlar va san’atkorlarning, davlat va jamoat arboblari, barcha madaniyat ahlining ezgu burchidir”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro baxshichilik san’ati bayramida dunyoning 74 ta davlatidan 160 dan ziyod vakillar qatnashmoqda.
Shavkat Mirziyoyev nutqi bilan to‘liq quyida tanishishingiz mumkin.