TOShKENT, 4 apr – Sputnik. O‘zbekiston terma jamoasi kapitani Odil Axmedov “Izvestiya”ga bergan intervyusida Xitoy va Rossiyadagi hayoti va Futbol akademiyasi haqida so‘zlab berdi.
Odil Axmedov 2016-yilda Xitoyning “Shanxay SIPG” klubiga o‘tgan edi. Undan oldin esa 6-yil Rossiya chempionatida "Krasnodar" va "Anji" jamoalarida to‘p surgan edi.
Futbolchi aytishiga qaraganda, Xitoyda uni juda yaxshi kutib olishgan. Unga qulay bo‘lishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. U xitoyliklarning dunyoqarashini 3-yilda tushuna boshlagan, lekin ba’zi narsalarga haligacha o‘rgana olmayotgan ekan.
“Xitoy taomlariga haligacha o‘rgana olmayapman. Shu sababli oziq-ovqat mahsulotlarini O‘zbekistondan olib kelaman. Uyda o‘zbekcha ovqatlar pishiramiz” , - deydi Axmedov.
Olti yil davomida to‘p surgan Rossiya chempionatini ham Odil Axmedov iliq so‘zlar bilan xotirladi.
“Rossiya chempionatida ham olti yil umrim o‘tdi. Bu vaqt mening xotiramda futbol karyeramdagi eng yorqin davr sifatida qoladi. Rossiya jamoalarida mening – Yevropa klublarida o‘ynash orzuim ushaldi. Sizlarning futbol muxlislari juda zo‘r - ular har doim mening yonimda bo‘lib, qo‘llab-quvvatlashga tayyor edi. Bu xotiralar juda qimmatli”, - dedi futbolchi.
Odil Axmedov aytishiga qaraganda, hozir ham Rossiya premyer ligasidan takliflarni jon deb ko‘rib chiqqan bo‘lardi. Futbolchi so‘zlariga ko‘ra, avvalgi davrlarga qaraganda futbolchilar maoshi keskin oshgan.
Eslatib o‘tamiz, ikki yil oldin Axmedov o‘zi tug‘ilib o‘sgan Namanganda Futbol akademiyasi ochgan edi. Yaqin orada ushbu maktab “Krasnodar” futbol maktabi bilan hamkorlik qilishni boshlaydi.
“Men uchun akademiyani sifatli rivojlantirish juda muhim. Kelajakda O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqishini va uning tarkibida maktabimiz tarbiyalanuvchilari bo‘lishi istayman. Bu har qanday puladn ham qimmat turadi”, - dedi Odil Ahmedov.
Futbol akademiyasi ochish uning tashabbusi bo‘lganini. Keyinchalik esa uni “Paxtakor” jamoasidan do‘stlari qo‘llab quvvatlaganini ham aytib o‘tdi.