TOShKENT, 3 apr - Sputnik. Hukumat qarori bilan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligining Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram kanali orqali xabar qilindi.
Nizomga muvofiq, Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilar hisobidan shakllantiriladi:
- budjetdan ajratiladigan subsidiyalar;
- korxonalarning alkogolli mahsulotlar ulgurji savdosi sof foydasidan 5 foiz miqdordagi ajratmalar;
- “Enologiya laboratoriyasi” DUK va “Uzumchilik o‘quv markazi” DUKning ajratmalari;
- xalqaro kreditlar va grantlar.
Ajratmalar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganda alkogolli mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxona har bir kechiktirilgan kun uchun 0,01 foiz penya to‘laydi.
Jamg‘arma mablag‘laridan uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish uchun foydalaniladi.
Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish va taqsimlash Agentlik direktori tomonidan tasdiqlangan smetaga muvofiq amalga oshiriladi.
Agentlik direktori qishloq xo‘jaligi vaziriga Jamg‘arma mablag‘lari to‘g‘risida choraklik va yillik hisobot berib turadi.