TOShKENT, 1 apr – Sputnik. Jamoaviy murojaatlar portalida O‘zbekiston milliy valyutasi – so‘mning grafik ko‘rinishini joriy etish taklif etildi.
Murojaatda aytilishicha, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Hozirgi vaqtda milliy valyuta bilan Internet saytlarda va turli onlayn do‘konlarda elektron to‘lovlar amalga oshirilmoqda.
So‘m tranzaksiyalarda UZS shaklida ko‘rsatiladi. Shuningdek supermarketlarda va boshqa savdo nuqtalarida ham so‘m to‘liq yoziladi.
“Shu sababli boshqa mamlakatlar qatori bizda ham so‘mning grafik ko‘rinishini joriy etish kerak. Misol uchun, Qozog‘istonda tenge ₸ ko‘rinishida, Qirg‘izistonda som ⊆ ko‘rinishida, Yevropa Ittifoqida yevro € ko‘rinishida va h.k. So‘mning grafik belgisi joriy qilinsa, matnlarda ham belgilar qisqarib so‘mni yozish qulaylashadi. Peshtaxtalarda narxlar shrifti hajmi kattalashadi”, - deb yozgan muallif.
Muallif Markaziy bank tomonidan dizaynerlik tanlovini o‘tkazish orqali so‘mning grafik ko‘rinishi loyihasini ishlab chiqishni taklif qildi.