TOShKENT, 29 mar – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-mart kuni Buxoro viloyati G‘ijduvon tumaniga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Davlat rahbari Abduxoliq G‘ijduvoniy maqbarasi ziyorat etdi va maqbarada amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu yerga imom-xatiblarni jalb etib, ularga allomalar ma’naviy merosini to‘g‘ri va chuqur o‘rgatish, xalqqa yetkazish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
“Kitobda o‘qish boshqa, ziyorat qilib, yurakdan o‘tkazib o‘rganish boshqa. Bu joy ma’rifat markazi bo‘lishi, odamlar o‘ziga ilm olib ketishi kerak”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Islom hamkorlik tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti - ISESCO tomonidan Buxoro shahri 2020-yilda Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilindi.
Prezident bu sanaga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rish, uning doirasidagi tadbirlarni Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915-yilligi va Bahouddin Naqshband tavalludining 700-yilligi bilan hamohang nishonlash, xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.