TOShKENT, 29 mar – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vobkent tumanidagi Ekvatorial Chodak group korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
“Yaponiya, Italiya, Turkiya va Xitoydan besh yuzdan ziyod zamonaviy tikuv mashinasi hamda dastgohlar o‘rnatilib, yiliga 1 million 500 ming donagacha jinsi shim ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda korxonada 500 nafarga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda”, - deyiladi xabarda.
Uzoq yillar foydalanilmay turgan bino O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining 3 million dollar imtiyozli krediti hamda loyiha tashabbuskorlarining 2 million dollar miqdoridagi mablag‘i evaziga qayta tiklangan.
Davlati rahbari texnologik jarayonlar bilan tanishib, mahsulotlar sifatini ko‘zdan kechirdi. Korxona ishchilari bilan muloqot qildi. Iqtisodiy sohadagi barcha chora-tadbirlar, sa’y-harakatlardan maqsad xalqni rozi qilish, aholini, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash ekanini ta’kidladi.
Korxonada kiyim-kechaklarni bo‘yash va ularga qayta ishlov berish sexi tashkil etilgan. Bu viloyatdagi turdosh korxonalarga shartnoma asosida xizmat ko‘rsatish hisobiga, qo‘shimcha foyda olish imkonini beradi.
Yaqinda bu yerda poyabzal ishlab chiqarish korxonasi ham ishga tushirildi. Italiyaning zamonaviy uskunalari o‘rnatilib, yiliga 600 ming donagacha mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Loyiha quvvatlari to‘la o‘zlashtirilgach, ishchi-mutaxassislar soni qariyb ming kishiga yetadi.