TOShKENT, 28 mar – Sputnik. Yoqutistonda migrantlarga savdo-sotiq, yo‘lovchi tashish, mahsulotlar, ichimlik va kiyim-kechaklar ishlab chiqarish sohasida ishlash taqiqlandi. Bu taqiqlar hudud rahbari imzolagan farmonda keltirib o‘tilgan.
Hudud rahbari Aysen Nikolayev imzolagan hujjatga ko‘ra, chet el fuqarolariga qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, ovchilik, qayta ishlab chiqarish, qurilish, savdo, transport, mehmonxona, ilmiy-texnik faoliyat, ko‘chmas mulk, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlash taqiqlanadi.
Patent asosida faoliyat yuritayotgan xorijlarga 2019-yilda Yoqutistonda huquq, buxgalteriya hisobi, me’morchilik, muhandislik-texnik loyihalash, ilmiy ishlab chiqarish va tadqiqotlar sohalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Mehnat migrantlariga oziq-ovqat, ichimlik, kiyim-kechaklar ishlab chiqarish, shahar va shahardan tashqarida yengil va ijaraga olingan avtomobillarda yo‘lovchilarni tashish, yuk avtomobili haydovchisi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida va faoliyatning boshqa turida ishlashga taqiq joriy etildi.
RFning Yoqutistondagi Tergov qo‘mitasining tergov boshqarmasi 17-mart kuni nomusga tegish va odam o‘g‘irlash moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Yakutsk shahrida yashovchi ayol huquqni muhofaza qiluvchi organga ariza bilan murojaat qiladi.
Mahalliy OAV ko‘ngillilardan olingan xabar asosida Yoqutistonning 36 yashar fuqarosi yo‘qolgani haqida e’lon tarqatgan edi. Volontorlarning so‘zlariga ko‘ra, ayol juda kech uyiga qaytayotgan bo‘lgan va uylarning birini oldida noma’lum shaxslar uni mashinaga o‘tqazib, olib ketishgan. Bu voqea Yoqutistonda jamoatchilik orasida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.