TOShKENT, 27 mar - Sputnik. Toshkent shahrida 2019-yilda 61 ta zamonaviy sanitariya-gigiyena shahobchasi quriladi, deb xabar qilmoqda hokimiyat matbuot xizmati.
Ushbu shaxobchalar “avvalo shahar aholisi, shuningdek Toshkentga tashrif buyuradigan mehmonlar uchun” qulay sharoit yaratish maqsadida qurilmoqda.
Loyiha 2019-yilning investitsiya dasturiga kiritilgan bo‘lib, mablag‘larning 50 foizi tadbirkor tomonidan to‘lanmoqda, 50 foizi esa “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan qoplanadi.
“Ayni damda ana shunday shahobchalardan 2 tasi foydalanishga topshirildi. Ularning biri Yakkasaroy tumanidagi Askiya bozori yonida joylashgan. Uni qurish uchun 100 mln.so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Ikkinchisi esa Alisher Navoiy nomidagi kinoteatr yaqinida ish boshladi. Bu loyiha uchun esa 85 mln. so‘m sarf qilindi”, - deyilgan xabarda.
Xabarda shuningdek ushbu zamonaviy sanitariya-gigiyena shahobchalari atrofida wi-fi hududini yaratish hamda sayyohlar uchun muhim ma’lumotlarni joylashtirishga ham e’tibor qaratayotgani aytib o‘tilgan.