TOShKENT, 23 mar - Sputnik. Toshkent viloyati Chinoz tumanida tug‘ilib, kamolga yetgan birinchi o‘zbek mexanizator ayoli Tursunoy Oxunovaning xotira maydoni obodonlashtirilib, ma’naviyat maskaniga aylantirildi, deb xabar qilindi "Xalq bilan muloqot" guruhida.
Ta’kidlanishicha, xotira maydoni ikki karra Mehnat Qahramoni Tursunoy Oxunova sharafiga ko‘p yillar avval barpo qilingan-u, so‘ng bir qadar qarovsiz qolib ketgan. Endi esa davlat rahbari topshirig‘i asosida obodonlashtirilib, go‘zal-fayziyob ma’naviyat maskaniga aylantirildi.
Tursunoy Oxunova busti restavratsiya qilinib, xotira maydoni qayta qurildi, qarovsiz holatda turgan Tursunoy Oxunova muzeyi tiklanib, madaniyat markaziga aylantirildi.
"Oddiy dehqon farzandi Tursunoy Oxunovaga xos mehnatkashlik, fidoyilik, kamtarlik kabi fazilatlar bugungi avlodlar uchun ham ibrat maktabidir. Bu muzey oddiy dehqon farzandining hayot yo‘lidan so‘zlaydi. Birinchi o‘zbek mexanizator ayoli Tursunoy Oxunova mashaqqatli mehnatlari, irodasi, qat’iyati va kamtarligi tufayli el-yurt hurmatini topdi. Buni tarixga muhrlangan mana bu suratlardan ham bilish qiyin emas.
Muzey binosida tez kunda musiqa va shaxmat to‘garaklari ish boshlasa, ko‘p o‘tmay atrofdagi yerlar ham obodonlashtirilib, katta xiyobon, sun’iy futbol maydoni, mo‘’jaz kutubxonalar barpo qilinadi", - deyiladi xabarda.