TOShKENT, 21 mar - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-mart kuni investitsiya loyihalarini amalga oshirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni jadallashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Xabarda qayd etilishicha, yig‘ilishda o‘tgan ikki oyda bajarilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Davlat rahbari xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish holati umuman sust ketayotganini ta’kidlab, mutasaddilarni jiddiy ogohlantirdi. Ayrim tarmoq va hududlarda chet ellik investorlarga taqdim etish uchun aniq hisob-kitoblarga asoslangan loyihalar bo‘yicha takliflar yo‘qligi tanqid qilindi.
Prezident tegishli vazirlik va hokimliklar oldiga aniq va qat’iy vazifalar qo‘ydi. Investitsiya va tashqi savdo vazirligiga energetika, neft-gaz, kimyo, mashinasozlik, elektr texnikasi, axborot texnologiyalari va boshqa muhim sohalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni jalb etish bo‘yicha investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish topshirildi.
Hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari investitsiya loyihalarini shakllantirish bo‘yicha zarur maydonga aylanmagani qayd etilar ekan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etish bo‘yicha har bir komissiyaning maqsadli ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev hududlarda ishlab chiqarish sohalariga investitsiya jalb qilish ahvoli talabga javob bermaslini ta’kidladi. Vaholanki, mamlakatga ko‘p miqdorda farmatsevtika va gigiyena vositalari, oziq-ovqat tovarlari, bolalar kiyimlari import qilinmoqda. Aslida bunday mahsulotlarni yurtimizda ishlab chiqarish uchun juda katta imkoniyatlar mavjud.
Shu bois, Shavkat Mirziyoyev vazirlik va idoralar rahbarlariga o‘zlariga biriktirilgan hududlarga chiqib, u yerda amalga oshirilayotgan loyihalarni jadallashtirish, iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish uchun investorlarni hududlarga, shu jumladan, erkin iqtisodiy zonalarga jalb etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Xalqaro moliya institutlari mablag‘larini o‘zlashtirish holatiga e’tibor qaratilar ekan, bu boradagi yillik rejani bajarishda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Sog‘liqni saqlash, Suv xo‘jaligi vazirliklarida qoloqlik mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga ushbu yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ba’zi joylarda zarur infratuzilma yo‘qligi investitsiyalar jalb etishga to‘siq bo‘layotgani, loyihalar uchun yer ajratish, elektr energiyasi, gaz, suv va kanalizatsiya tarmoqlariga ulanishda muammolar borligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Iqtisodiyot va sanoat, Investitsiya va tashqi savdo vazirliklariga hududlarning infratuzilma obyektlarini rivojlantirish bo‘yicha 3-yillik dastur ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Barcha topshiriqlar ijrosini ta’minlash va muammolarni bartaraf etishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.