TOShKENT, 20 mar — Sputnik. Yoqutistonning bir necha ming aholisi 18-mart kuni Markaziy osiyolik mehnat migrantlariga qarshi mitingga chiqdi. Bu holat Qirg‘izistonning uch nafar fuqarosi mahalliy ayollardan birini zo‘rlagandan keyin yuz berdi.
Tergov qo‘mitasi ayolni tahqirlashda gumonlanayotgan taksistlarga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi va ularni qo‘lga oldi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Yoqutistondagi qirg‘iz diasporasi vakillari yuz bergan hodisa uchun zudlik bilan kechirim so‘rashgan bo‘lsa-da, ammo shahar aholisining noroziligi tobora kuchaymoqda.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari migrantlarga tahdidlar yozilgan yozuvlarni e’lon qilishni boshlab yuborgan, ammo hukumat millatlar o‘rtasida mojaroga yo‘l qo‘ymasliklari, tartib o‘rnatishlarini aytib, va’dalar bermoqda.
17 mart kuni mahalliy OAV ko‘ngillilardan olingan xabar asosida Yoqutistonning 36 yashar fuqarosi yo‘qolgani haqida e’lon tarqatgan edi. Volontorlarning so‘zlariga ko‘ra, ayol juda kech uyiga qaytayotgan bo‘lgan va uylarning birini oldida noma’lum shaxslar uni mashinaga o‘tqazib, olib ketishgan. Jabrdiyda qiziga qo‘ng‘iroq qilishga ulgurgan.
Ertasi kuni ayol huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan. Tergov qo‘mitasi xabariga ko‘ra, yovuz niyatli shaxs asir olgan ayolni garaj bokslari oldida zo‘rlagan, so‘ngra ikkita tanishi ishlaydigan avtomobil tuzatish ustaxonasiga olib borgan. Ayol erkaklarning uxlashini poylab, so‘ngra u joydan qochib ketgan. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Gumondorlar shu kunning o‘zida qo‘lga olingan, ularning barchasi o‘z ayblariga iqror bo‘lganlar.
Tez orada OAVda bosh gumondor - Qirg‘iziston fuqarosi ekanligi haqida xabarlar tarqaldi. U va uning sheriklari taksistlik qilishlari aytilmoqda. Bu xabar Yoqutistonda jamoatchilik orasida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi: bir necha yuz norozi fuqarolar shaharning bosh maydoniga mitingga chiqdilar. Ular migrantlar nomiga yoqimsiz lozunglarni qichqirishgan va hukumatni regionda noqonuniy migratsiyaga nuqta qo‘yishga chaqirganlar.