TOShKENT, 19 mar - Sputnik. O‘zbekiston milliy terma jamoasi 21-25 mart kunlari o‘tkaziladigan "China Cup-2019" musobaqasida ishtirok etishi uchun Xitoyga yetib kelishdi. Bu haqda O‘FA xabar qilmoqda.
O‘zbekiston terma jamoa a’zolari Toshkent-Pekin-Nanning yo‘nalishi bo‘ylab salkam 9 soat parvozdan so‘ng manzilga yetib kelishdi.
Delegatsiya a’zolarini aeroportda tashkilotchilar va mahalliy OAV xodimlari juda iliq kutib olishdi. Terma jamoa Nanning shahridagi "Wanda REALM Resort" mehmonxonasiga joylashdi.
Bugun mahalliy vaqt bilan soat 19:00da Xitoydagi dastlabki mashg‘ulot o‘tkazilishi rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, "China Cup-2019" xalqaro musobaqasida O‘zbekiston, Urugvay, Xitoy va Tayland terma jamoalari kuch sinashadi. O‘zbekiston musobaqani 22-mart kuni Urugvay terma jamoasiga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Xitoy esa 21-mart kuni Tayland bilan kuch sinashadi. Yarim finalda g‘olib chiqqan jamoalar 25-mart kuni finalda o‘zaro to‘qnash kelishadi. Shuningdek, yarim finalda mag‘lubiyatga uchragan jamoalar 25-mart kuni 3-o‘rin uchun bahsda maydonga tushishadi.