TOShKENT, 19 mar – Sputnik. Ukraina prezidenti Petr Poroshenko ICTV telekanali efirida Vladimir Putin bilan "kasha pishirish" niyati yo‘qligini aytdi. U sal oldin Rossiya yetakchisining Kiyev bilan o‘zaro aloqalari masalasidagi so‘zlariga shu tariqa javob qaytardi.
Qrimga safari davomida Putin Rossiya va Ukraina xalqi o‘rtasida hech qanday kelishmovchilik mavjud emasligini, ammo Ukrainaning hozirgi rahbari bilan Kreml til topisha olmayotganini aytgan edi.
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Kiyev hukumati bilan "kasha pishirish va qandaydir ijobiy natijaga erishish amrimohol".
Putin shuningdek, Kiyevning hozirgi rahbariyati harakatlari hayratlanarli ekanini, qo‘shimcha qildi.
Petr Poroshenko Putinning ushbu so‘zlariga javoban dushanba kuni efirdagi chiqishi davomida Rossiya hukumati bilan "kasha pishirish" niyati yo‘qligini aytdi. Poroshenko Moskvaga nisbatan sanksiyaviy bosimlar kuchaytirilishi uchun harakatlarini davom ettirishini ma’lum qildi.
"Kimdir kim bilandir "kasha pishirishiga" kelsak, men ayrim prezidentlikka nomzodlarimiz kabi kasha pishirishni ham, uni yeyishni ham, baliq oviga yugurishni ham istamayman", - deb ta’kidlagan Poroshenko.
Ukraina prezidentligiga saylovlar 31-mart kuni bo‘lib o‘tadi. Bu lavozimga 39 nomzod da’vogarlik qilmoqda. Ijtimoiy tadqiqotlarga ko‘ra, sal oldin ushbu prezidentlik poygasida yetakchilikni "Batkivshina" partiyasi rahbari Yuliya Timoshenko egallagan bo‘lsa, oxirgi ikki oy davomida birinchi o‘rinda shoumen Vladimir Zelenskiy turibdi.
Amaldagi prezident Poroshenkoning reytingi 20%ni tashkil etmoqda.