TOShKENT, 18 mar – Sputnik. Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov O‘zbekiston Bosh prokurorga murojaat qilib, xizmat vazifasini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga qilingan tajovuz uchun javobgarlikni kuchaytirishni talab qildi, deb yozmoqda “Xalq so‘zi” nashri.
Xususan, 2017-2018 yillarda O‘zbekistonda shifkorlarga tajovuz qilish holatlari 300 marotaba qayd etilgan. Jinoyat Kodeksida ana shunday qonunbuzarlikka qarshi moddalar aniq va ravshan belgilanmaganligi tufayli aksariyat hollarda qonunbuzarlar yengil jarimalar bilan jazodan qutilib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 29-yanvarida Sog‘liqni saqlash vazirligi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga tibbiyot xodimiga bemor yoki uning qarindoshlari tomonidan tajovuz qilish yoki tan jarohati yetkazish kabi qilmishlarni Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan kvalifikatsiya qilib, ushbu harakatlarni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholashni belgilaydigan qonun loyihasini joylashtirgan edi. Ayni damda ushbu hujjat tegishli muassalar ko‘rigidan o‘tmoqda.