TOShKENT, 15 mar - Sputnik. Tojikiston bilan bo‘lgan chegarada yuzaga kelgan janjal tufayli qirg‘izistonliklar evakuatsiya qilindi, deb xabar qilmoqda Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati.
“Batkent tumanining Oqsoy va Ko‘ktosh qishloqlari aholisi avtobuslarda va yengil avtomobillarda Batkent shahriga olib kelindi. Ular 57-son kasb-hunar kolleji binosi hamda Aytmatov ko‘chasidagi uylardan biriga joylashtirildi. Ularning xavfsizligi Batkent shahar IIBB xodimlari tomonidan ta’minlanmoqda”, - deyiladi hukumat xabarida.
Shuningdek, yuqorida keltirilgan qishloq aholisini Batkent tumani va Batkent shahrida istiqomat qiluvchi qarindoshlari o‘z uylariga olib ketishmoqda.
13 mart kuni Kojogarda Qirg‘izistonning Batken tumani Oqsoy qishlog‘i aholisi va Tojikistonning Mehnatobod aholisi o‘rtasida janjal yuzaga keldi. Oqsoy- Tamdik yo‘li qurilishi mojaroning sababi bo‘lgan. Tojikistonliklar Qirg‘iziston texnikasi yo‘lini to‘sib qo‘yadi. Ishchilarga Qirg‘iziston qishloqlari aholisi yordam keladi. Oqibatda Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolarining 200 yaqini nafari bir-birlarini toshbo‘ron qilishadi. Bir Qirg‘iziston fuqarosi jarohat olib, kasalxonaga yotqiziladi.
Ertasi kuni mahalliy aholi o‘rtasidagi to‘qnashuv qaytadan boshlanadi. Oqibatda yana bir qirg‘izistonlik jabrlanadi. Tojikiston tomonining ma’lumotlariga qaraganda, Tojikistonning bir fuqarosi halok bo‘lgan, 10 kishi esa jarohatlangan.
Chegaradagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. Ikki davlat chegarachilari mahalliy aholi bilan kuch ishlatish kerakmasligi haqida tushuntirish ishlarini olib borishmoqda.
Qirg‘iziston va Tojikiston bosh vaziri o‘rinbosarlari Jenish Razakov va Ibrohim Azim mojaro yuzaga kelgan joyga kelib, chegaradagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun muzokaralar olib borishmoqda.
Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi Isfara-Batkent hududi ko‘p yillar davomida mahalliy aholi va chegarachilar vaqti-vaqti to‘qnashib turadigan joy sanaladi. Ko‘p uchastkalar bahsli bo‘lib, hozirgacha delimitatsiya va demarkatsiya o‘tkazilmagan.