TOShKENT, 14 mar – Sputnik. O‘zbekistonda kelajakda talabalar stipendiyadan voz kechish hisobiga kontrakt pulini kamroq to‘lash huquqiga ega bo‘lishi mumkin.
Bu haqida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokama qilish portalida joylashtirilgan Prezident qarori loyihasida aytib o‘tilgan.
“2019/2020-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan barcha bosqich talabalari stipendiyalardan voz kechish hisobiga yillik olinadigan stipendiya miqdoriga mos ravishda kamaytirilgan to‘lov-kotrakt pulini to‘lash huquqiga ega”, - deyilgan yangi qonun loyihasida.
Undan tashqari, yangi o‘quv yilidan boshlab abituriyentlarga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy ta’lim muassasalariga yoki ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirish hamda turar joyidan qat’iy nazar hujjatlar davlat xizmatlari markazlari orqali topshirish huquqi berilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, yangi qonun hozircha loyiha ko‘rinishida bo‘lib, uni muhokama qilish 28-martga qadar davom etadi.