TOShKENT, 14 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi islohotlari uchun AQShning StrategEast markazi tomonidan taqdirlandi.
O‘zbekiston rahbari ushbu tashkilotning StrategEast Westernization Award — 2018 mukofotiga mamlakatda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya iqlimini yaxshilash, qonun ustuvorligi va xususiy mulk himoyasini ta’minlash sohasidagi xizmatlari uchun sazovor deb topilgan.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning chegaraoldi muammolariga yechim topish hamda qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi alohida ta’kidlangan.
StrategEast Westernization Award mukofoti har yili Sobiq ittifoq davlatlarini modernizatsiya qilish hamda mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotining rivojlanishiga qo‘shgan hissasi uchun topshiriladi.
StrategEast markazi Vashington shahrida joylashgan bo‘lib, mazkur notijorat tashkilotining faoliyati Sobiq ittifoq davlatlarini ularning G‘arb siyosiy va ishbilarmon doiralar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish maqsadida tadqiq etishga yo‘naltirilgan.