TOShKENT, 14 mar – Sputnik. O‘zbekistonga Xitoydan 100ta Yutong avtobuslari olib kelinadi. Ushbu avtobuslar yordamida O‘zbekistondan xorijiy davlatlarga avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar qilmoqda UzA.
"Xorijiy davlatlarga vaqtinchalik ishlash uchun chiqib ketayotgan fuqarolarni manzillariga o‘z vaqtida xavfsiz yetkazib qo‘yishni tashkil etish maqsadida «Uzautotrans Service» maxsus kompaniyasi avtobusda tashuvlarni amalga oshirishga ixtisoslashtirilgan milliy korxonasi tashkil etilgan edi", - deydi «Uzautotrans Service» bosh direktori Saidrahim Ikromov.
Ushbu loyiha prezidentning 2018-yil 5-martdagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlardan biri hisoblanadi.
Mazkur korxona avtoparkini zamonaviy avtobuslar bilan ta’minlash maqsadida Xitoyning «Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.» kompaniyasidan 168 dona ko‘p o‘rindiqli zamonaviy avtobuslarni sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
«Uzautotrans Service» maxsus kompaniyasi ushbu yangi avtobuslarda samarali faoliyat ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida maxsus tanlov asosida 120 yaqin haydovchini saralab oldi. Ularning malakasi maxsus o‘quv dasturi asosida oshirilib, xorijiy davlatlar hududida harakatlanayotganda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida to‘liq tushunchalar berildi, deyilgan xabarda.