TOShKENT, 14 mar – Sputnik. O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari Qorqalpog‘iston respublikasi Mo‘ynoq tumani hududida universitet o‘quv-ilmiy markazi yaratish maqsadida ekspeditsiyaga jo‘nab ketishdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston o‘rta va maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati.
“Mazkur ekspeditsiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad - bo‘lg‘usi ekolog, tuproqshunos va biologlar ishtirokida 2 gektar yerda O‘zbekiston Milliy universitetining o‘quv-ilmiy maydonchasini tashkil etishdir. Bu mazkur hududda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, Orolbo‘yi tuprog‘i, o‘simliklari, suvi, uning tarkibi, xususiyatlarini puxta o‘rganishga asos yaratadi”, - deyilgan xabarda.
"Orol va yoshlar" shiori ostida o‘tkazilayotgan ushbu tashabbus O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari, Qoraqalpog‘iston davlat universiteti talabalari bilan hamkorlikda boshlangan. Ekspeditsiya a’zlolari Toshkentdagi Janubiy temir yo‘l vokzalidan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga jo‘nab ketishdi.