TOShKENT, 12 mar — Sputnik. O‘zbekistonda Ichki ishlar vazirligining bir qator vazifalarini Milliy gvardiyaga berish rejalashtirilmoqda. Bu haqida Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasida aytib o‘tilgan.
Xususan, Milliy gvardiyaga quyidagi vazifalarni topshirish rejalashtirilgan:
- surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan bemorlarni majburiy davolash -profilaktika muassasalarini qo‘riqlash vazifasi;
- diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarini qo‘riqlash vazifasi;
- teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar obyektlarini qo‘riqlash, muhofaza qilish hamda ularning xavfsiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash vazifasi;
- “Do‘rmon” milliy bog‘ining xavfsizligini ta’minlash vazifasi;
- Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik va boshqa buyumlar ishlab chiqarish sohasida ishlash guvohnomasini berish vazifasi.
Ma’lumot uchun, Milliy gvardiya 2017-yil avgustida Prezident farmoniga asosan tashkil etilgan edi. Joriy yil yanvarida Qo‘riqlash bosh boshqarmasi IIVdan Milliy gvardiya tarkibiga o‘tkazildi.