TOSHKENT, 12 mar – Sputnik. Andijonda fuqarolarning login va prollarini buzib internet traffigini oʻgʻirlagan xakerga sud hukmi oʻqildi, deb xabar qilmoqada “Daryo” nashri Jinoyat ishlari boʻyicha Andijon shahar sudi sudyasi Ulugʻbek Joʻrayevga asosan.
“1998 yilda tugʻilgan fuqaro A.D. 2016 yilning mart oyidan sentyabr oyiga qadar oʻzining kompyuteri yordamida Andijon shahri, Yorboshi mahallasida yashovchi 24 nafar fuqaroning login va parolini buzib, ularning internet trafigidan foydalangan va jami 4 million 471 ming soʻmlik megabaytlarni yashirin ravishda talon-taroj qilgan”, - deyilgan xabarda.
Sudda aybdor oʻz aybiga toʻliq iqror boʻlib qilgan ishidan pushaymon qilganini aytdi.
- Kollejni bitirish arafasida oliy taʼlim muassasasiga kirish uchun tayyorlanish maqsadida internetdan foydalanish zarurati tugʻildi, — deydi sudlanuvchi A.D. – Avvaliga oʻzim trafik olib ishlatdim, biroq u hech qanchaga yetmadi. Keyin turli parollarni terib, birovlarning internet tizimiga ulanishga harakat qilib koʻrdim. Natija berdi. Keyin hech kim bilmayapti deb, ulanishda davom etaverdim Bu ishni yomon niyatda qilmaganman. Qilmishimdan pushaymonman, barchadan uzr soʻrayman, - dedi sudlanuvchi.
Sud A.D.ni Jinoyat Kodeksining 169-moddasi, 3-qismi «a» va «b» (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; kompyuter tizimiga ruxsatsiz kirib sodir etilgan oʻgʻrilik) bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, har oylik ish haqining oʻttiz foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil 6 oy 18 kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.