TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidagi Shug‘non tumanida yashovchi ikki ayolga bo‘rilar hujum qildi. Bu haqda Tojikistonning “Xovar” Milliy axborot agentligi xabar qildi
Fojia 7-mart kuni, 83 yoshli ayol va uning 55 yoshli qizi uyining hovlisiga chiqqan vaqtda yuz bergan.
Xabarda ta’kidlanishicha, har ikki ayol hujum oqibatida olingan og‘ir jarohat tufayli voqea joyida halok bo‘lgan.
Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining Ovchilar tashkiloti raisi Shodi Solehjonovning ma’lum qilishicha, bu yil ushbu hududlarda juda qalin qor yoqqan. Tog‘li hududlar hozirgacha qalin qor ostida qolmoqda. Yirtqichlar ochlik sababli ayollarga hujum qilgan.
Bo‘rilar o‘lja izlab, qishloqlarga tushib kelishmoqda. Ular nafaqat odamlarning chorva mollariga, balki ularning o‘ziga ham hujum qilishmoqda.
Xabarda aytilishicha, bir oy mobaynida 7 ta bo‘ri otib o‘ldirilgan.