TOShKENT, 10 mar — Sputnik. 2019 yilning 7-mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida prezident maktabining qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati.
Tantanada O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Achilboy Ramatov, Bosh prokurori Otabek Murodov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi raisi Musa Yerniyazov, O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Ibrohim Djurayev, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdilar.
Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Achilboy Ramatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi raisi Musa Yerniyazov va “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi rahbari Sharap Usnatdinov prezident maktabining poydevoriga kapsula qo‘yib, maktab qurilish ishlarini boshlab berdilar. Yangi maktab Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universiteti oldidagi hududda quriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 20-fevralida prezident Shavkat Mirziyoev “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarorni imzolagan edi. Hujjatga ko‘ra, prezident maktablari mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
Ushbu maktablarga qabul qilish respublika ta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi. Birinchi o‘quv yilida esa 5-10-sinflarining har bir maktab 144 nafardan o‘quvchi o‘qishga qabul qiladi.