TOShKENT, 8 mar – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xotin-qizlarini bayram bilan tabriklab, ularga chuqur hurmat-ehtirom va eng ezgu tilaklarini bildirdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
– Sizlarning mana shunday ochilib, hayotdan rozi bo‘lib yurishingiz uchun, sizlarning baxtu saodatingiz uchun doimo sidqidildan xizmat qilishga tayyormiz. Istaymizki, mana shunday quvonchli kunlarimiz ko‘p bo‘lsin, – dedi prezident bayram tadbirida.
Bayram tadbirda shuningdek 28 nafar faol xotin-qizlarga Zulfiya nomidagi davlat mukofotlari topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida shuningdek, xalq roziligi avvalo, muhtarama onalar, xotin-qizlarning roziligi bilan bog‘liqligi, ularning sog‘-salomat bo‘lib, baxtli yashashini ta’minlash barcha islohotlarning asosiy maqsadi va mezoni ekani ta’kidladi.
Tadbirda O‘zbekistonning barcha burchaklaridan tashrif buyurgan xotin-qizlar, turli vazirlik va idoralar vakilalari to‘kin dasturxon atrofida bayramni nishonladi. Tadbirda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan chet ellik diplomat ayollar, jumladan, Fransiya Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi elchilari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining turli vakolatxonalari rahbarlari ham ishtirok etdi.