TOShKENT, 7 mar — Sputnik. Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni yuksak baholadi
O‘zbekiston rahbari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi aloqalar va davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchga asoslangan muloqot, mamlakatla idoralari, hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi sheriklik va almashinuvlar jadallashgani savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi samarali hamkorlikni misli ko‘rilmagan darajada faollashtirishga xizmat qildi.
“2018 yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro savdo hajmi 20 foizga oshib, qariyb 6 milliard dollarga yetdi. Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida, jumladan, energetika, neft-gaz, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat va ko‘plab boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqd”, - -deyiladi xabarda.
O‘zaro muloqotning yangi ko‘p darajali formati, ya’ni ikki davlat Bosh vazirlari darajasidagi Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiyaning tashkil etilishi, hech shubhasiz, ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar samaradorligini oshirish va ularni o‘z vaqtida ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
“O‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida mamlakatimiz hududlarida Rossiya kompaniyalari ishtirokida agroklasterlar va logistika markazlarini tashkil etish, O‘zbekiston meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlarini Rossiya bozoriga yirik hajmda ulgurji yetkazib berish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish, hududlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida o‘zaro almashinuvlarni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish qayd etildi”, - deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin hamda hukumat raisi Dmitriy Medvedevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.