TOSHKENT, 5 mar – Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Oʻrta va kichik masofadagi raketalarni yoʻq qilish toʻgʻrisidagi shartnoma bajarilishini toʻxtatishga oid farmonni imzoladi. Bu haqda RIA Novosti Kreml matbuot xizmatiga tayanib xabar qildi.
Hujjat imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Taʼkidlanishicha, Rossiya Amerika tomonidan ushbu shartnoma boʻyicha buzilgan majburiyatlar tiklanmaguncha yoki uning amal qilishi bekor qilinmaguncha Oʻrta va kichik masofadagi raketalarni yoʻq qilish toʻgʻrisidagi shartnomani bajarishni toʻxtatadi.
Eslatib oʻtamiz, ushbu shartnoma Mixail Gorbachev va Ronald Reygan tomonidan 1987 yilning dekabrida imzolangan edi. 1991 yilning iyun oyiga kelib shartnoma bajarilgan: Sovet Ittifoqi 1846 dona, AQSH esa 846 dona raketa komplekslarini yoʻq qilgan. Biroq, AQSH yetakchisi Donald Tramp 2 fevraldan boshlab AQSH ushbu shartnomadan chiqishini eʼlon qildi. Rossiya shartnoma majburiyatlariga qatʼiy rioya qilib kelayotganini bir necha bor maʼlum qilgan edi.