TOShKENT, 28 fev - Sputnik. Belarus poytaxti Minsk shahrida MDHga a’zo davlatlarning Mudofaa vazirlari kengashi qoshidagi Sport qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston tomonidan Qurolli Kuchlar Bosh shtabi jismoniy tayyorgarlik va sport bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Aziz Haydarov hamda Mudofaa vazirligi Sport klubi boshlig‘i podpolkovnik Mansur Mamadaminov ishtirok etdi.
Mazkur yig‘ilishda MDHga a’zo davlatlar Rahbarlari kengashi tomonidan 2018-yil 28-sentabrda imzolangan "1941—1945 yillarda Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning 75-yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan masalalar ijrosiga qaratildi. Joriy yilning iyun-iyul oylarida Qozog‘istonda MDHga a’zo mamlakatlarning oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida birinchi marotaba Harbiy-sport o‘yinlarining o‘tkazilishi muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida 2020-yilda MDHga a’zo davlatlar do‘stona armiyalari o‘rtasida III Harbiy-sport o‘yinlarini tashkil etish ko‘rib chiqildi.
25 may – 3-iyun kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan o‘yinlar 6 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi. Shuningdek, Qo‘mita ishida 2019-yilda Qirg‘iziston hududidagi Lenin cho‘qqisi hamda 2020-yilda Tojikistonning Kommunizm cho‘qqisiga guruh tarkibida harbiy-sportchilarning chiqishi bo‘yicha musobaqalarni birinchi marta o‘tkazishga kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida, Lenin cho‘qqisining balandligi 7134 metr bo‘lib, kattaligi bo‘yicha MDHda uchinchi o‘rinni egallaydi. Kommunizm cho‘qqisining balandligi esa 7495 metrni tashkil etib, dunyoning eng baland cho‘qqilar reytingida 50-o‘rinni egallaydi.
Yig‘ilish davomida shuningdek, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning qurolli kuchlari o‘rtasida jismoniy tayyorgarlik va sport sohasida hamkorlikning “Istiqbolli reja” loyihasini tayyorlashga ham kelishib olindi. 2019-yilning yakunlari bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish Qozog‘istonda o‘tkaziladi.