TOShKENT, 27 fev - Sputnik. Hindiston Kashmir osmonida Pokistonning qiruvchi samolyotini urib tushirganini ma’lum qildi, deya xabar qilmoqda RIA Novosti.
“Pokiston aviatsiyasi o‘z vaqtida aniqlandi va Hindiston harbiy-havo kuchlari darhol javob qaytarishdi”, - dedi Hindiston TIV rasmiy vakili Ravish Kumar.
U Hindiston o‘zining MiG-21 samolyotini yo‘qotganini va uchuvchi bedarak yo‘qolganini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston armiyasi chorshanba kuni ertalab mamlakatning bahsli mintaqasi Kashmirda Hindistonning ikkita harbiy samolyotini urib tushirgani haqida xabar qilingan edi. Pokiston TIV Islomobod o‘z-o‘zini mudofaa qilishga qodirligini namoyish etganini ma’lum qilgan edi.
Nyu-Dehli va Islomobod munosabatlari keskinlashgan. Tomonlar o‘rtasida siyosiy, tarixiy va hududiy, xususan, Kashmir viloyatining maqomi yuzasidan kelishmovchiliklar mavjud.
Kashmir – bahsli hudud. U yerda mustaqillikka erishish yoki Pokistonga qo‘shilish tarafdori bo‘lganlar faol harakat qilishmoqda.
Nyu-Dehli Pokiston hukumatini qurolli tarafdorlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblamoqda, Islomobod esa aybdovni rad etmoqda.
Mamlakatlar o‘rtasidagi nizo 14-fevraldan so‘ng yanada keskinlashdi. Xudkush terrorchi Hindiston harbiy politsiyasi kolonnasi yonida o‘zini portlatib yubordi. Oqibatda 45 kishi halok bo‘ldi. “Jaysh-a-Muhammad” islom guruhi ushbu hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmisiga oldi. 26-fevral kuni Hindiston harbiy-havo kuchlari Kashmirning Pokiston qismidagi “Jaysh-a-Muhammad” guruhining yirik mashg‘ulot lageriga zarbalar berdi. Havo hujumi oqibatida ko‘plab jangarilar, ularga tegishli transport, qurol va o‘q-dori yo‘q qilingan. Hindiston tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Vijay Gokhale bu zarba mutlaqo zarur bo‘lgani, chunki guruh Hindistonning turli hududlariga xudkushlar ishtirokida hujumlar tayyorlayotganini ma’lum qildi.